Sayt sinov rejimida ishlamoqda

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

YANGI O‘ZBEKISTON: UCHINCHI RENESSANS SARI

 

Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessansga intilishi haqidagi g‘oya ilgari surilganiga ham bir yil bo‘ldi. Darhaqiqat, 2020 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchi bor “O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor” yaratilayotgani qayd etildi.

Albatta, zaminimizdan dunyoga tarqab, ilm-fan, pirovardida insoniyat hayoti rivojlanishiga, fan va texnikaning hozirgi taraqqiyotiga yetishishida beqiyos hissa qo‘shgan Birinchi va Ikkinchi Renessans namoyondalari bo‘lmish ulug‘ alloma ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. So‘nggi yillarda iftixor barobarida ularga munosib yangi avlodni tarbiyalash mamlakat uchun strategik maqsadga aylandi. Agarki, dunyoda aql, intellektual salohiyat, bilim va tajriba – iqtisodiy o‘sish nuqtalari va resurs manbalari sifatida qaralayotganligi nazarda tutilsa, Uchinchi Renessans – mamlakat rivojlanishining negizi, demakki, Yangi O‘zbekiston kelajagi ekanligini ta’kid etish mumkin.

Darhaqiqat, hozir nafaqat mutafakkir ajdodlarimiz, balki, yaqin o‘tmishda yashab ijod qilgan ulug‘ jadid bobolarimiz intilgan rivojlanish darajasida ekanligimizni inkor etib bo‘lmaydi. Umummiqyosda texnika taraqqiyoti tufayli hayotimizdagi yengilliklar, ta’lim olish imkoniyatlari mavjudligini qayd etish kerak. Biroq, bu jarayonlarda iste’molchidan ko‘ra ijodkor, kashshof bo‘lish muhim.

Albatta, maqsadni belgilash bilan ish cheklanmaydi. Har qanday maqsadga amaliy harakatlar bilan erishiladi. Bu borada ta’lim sohasini rivojlantirishga e’tibor berilmoqda. Avvalo, maktabgacha ta’limdagi institutsional islohotlar, o‘qituvchi mavqeini ko‘tarish yuzasidan ma’lum chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalari soni 2016 yilda 77 ta bo‘lgan, hozir esa, 141 tani tashkil etadi.

Oliy ta’lim bilan qamrov, ish o‘rinlari kamligi oqibatida uzoq yillar davomida tashqi migratsiya kuchayib bordi. Ijtimoiy muammolarni hal etishda ta’lim dolzarblashdi. Hozir yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish 2016 yilga nisbatan 9 foizdan 29 foizga yetdi. Bu jarayon davom etmoqda.

Mamlakatni yanada taraqqiy ettirishda Davlat rahbari ta’kid etganlaridek, “zamonaviy bilim olgan, ilg‘or kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan o‘g‘il-qizlarimiz yetakchi o‘rin tutadi”. Shu ma’noda bu yil xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “ikki emas, to‘rt til lozim” degan fikriga monand holda yoshlarimiz ta’lim muassasalarini bitirayotganida kamida ikki chet tilini bilishi zarurligi belgilandi. Ma’lumki, ikki Renessans allomalari bir qancha tillarni bilishgan. Shu sababdan ham jadidlar uyg‘onish davri uchun xos bo‘lgan ko‘p tillilikka e’tibor qaratishgan edi.

Mutafakkirlar faoliyatidan ma’lumki, ular fanning turli sohalarini chuqur bilgan qomusiy olimlar edi. Hozir ham fan va texnika taraqqiy etishida fanlararo integratsiya dolzarblashgan. Dunyoda tobora ikki va undan ko‘p fan sohalari kesimida tadqiqotlar ko‘lami oshib bormoqda.

Shuningdek, so‘nggi yillarda fan va ta’limning integratsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur o‘rgatadigan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati tashkil etildi. 2021 yil 1 aprelda Ulug‘bek shaharchasida fizikaga ixtisoslashgan tayanch maktabning rasmiy ochilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur maktabga Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti hamda O‘zbekiston Milliy universitetining fizika fakulteti biriktirildi.

Qisqa muddatda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati, yana Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Hudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupov kabi madaniyatimiz namoyandalari nomida ijod maktablari tashkil etildi. 2020 yili matematika yo‘nalishida 56 ta, kimyo-biologiya yo‘nalishida 27 ta maktab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2020 yildan axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan boshqa maktablar ham tashkil etila boshlandi.

Har bir hududda ta’lim ingliz tilida olib boriladigan va «STEAM» (tabiiy fanlar, texnologiyalar, texnik ijodkorlik, san’at, matematika) dasturi joriy etilgan Prezident maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yildan mazkur maktab ta’limining davomi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston universiteti dastlabki talabalarini qabul qilmoqda.

Ya’ni, Uchinchi Renessans sari intilayotgan O‘zbekistonda iqtidorli farzandlar salohiyatini yuzaga chiqarish va tarbiyalash borasida alohida tizim yuzaga keldi. Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bu tizimning muhim qismi bo‘lib qoldi. Shunday qilib, o‘zini namoyon eta olgan iste’dodlar bilan boricha ishlash emas, balki, maktabda tahsil olayotgan bolalar orasidan iqtidorlilarini tanlab olib ularni maqsadli tayyorlash tizimi paydo bo‘ldi. Har bir bola qaysidir sohada iste’dodli ekanligidan kelib chiqqan holda turli yo‘nalishda ixtisoslashgan maktablar tashkil etilayotganligi fan yoki ijod olamidagi bo‘lajak namoyonda uchun tanlash imkoniyatini beradi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish tizimini tashkil etish bo‘yicha besh muhim tashabbusdan biri – ularni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarish hisoblanadi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda ta’lim muassasasida yoshlar havaskorligiga alohida e’tibor berila boshlandi. Katta avlod teatr ijodkorlarining tarjimai holi bilan tanishganda ularning bolaligida maktablardagi drama to‘garaklari, san’atkorlar bilan uchrashuvlar ma’lum darajada rol o‘ynaganini qayd etish mumkin. Bir vaqtlar atoqli san’at namoyondalarining maktablarda to‘garaklar faoliyatini tashkil etganligi ham ma’lum. Boshqacha aytganda, havaskorlik katta ijodga yangi iste’dodlarni tanlash hamda keyinchalik ularni kasbiy tarbiyalashga zamin yaratadi.

Ta’limda faqat ijobiy o‘zgarishlar, deb bo‘lmaydi. Oliy ta’limda o‘quv ishlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish, ilmiy salohiyatni oshirish kabi masalalarni hal etish turibdi. Har bir sohada amalga oshirilayotgan institutsional salohiyatni yuksaltirishning negizini ham ish faoliyatini fan yutuqlari asosida tashkil etish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yotibdi.

Darhaqiqat, har birimiz ta’limga befarq qaramasdan o‘zimizni daxldor his etib, uni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor. Zero, insonni, qo‘yingki, mamlakatni ma’nan mavjudligini ta’lim va tarbiya tashkil etadi.

Qolaversa, “Yangi O‘zbekiston” umummilliy harakatida “Uchinchi Renessans” milliy g‘oyasi atrofida birlashish, unga intilish “tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir”.

Dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi voqea va hodisalarni kuzatib, dilimizda boshimiz uzra musaffo osmon uchun shukronalik tuyg‘usi o‘tadi. Ha, tinchlik qadriyati... Har tongda farzandlarimizni o‘z bag‘rimizga bosmoqlik baxti. Ta’lim olish baxti. Uchinchi Renessansga intilish baxti...

Yangi farg‘oniylar, xorazmiylar avlodi maydonga chiqadigan Yangi O‘zbekistonning yangi tongi muborak bo‘lsin!

 

Feruza Usarova, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktor o‘rinbosari, siyosiy fanlar nomzodi, katta ilmiy xodim;

Sevara Pulatova, bo‘lim mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent;

Firdavs Qobilov, katta ilmiy xodim.


×