Sayt sinov rejimida ishlamoqda

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Urushdan besh o‘g‘li qaytmagan yana bir oila haqida

Fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligiga ham sanoqli kunlar qoldi. O‘sha yillari urush daxl etmagan biron bir xonadon, oila bo‘lmagan. Farzandiga non tishlatib, ularni bag‘riga yana bir bor bosolmagan ota-onalar, aziz yorini kutib, chirog‘ini o‘chirmagan ayollar, yaqinlarini yo‘qotgan jigarbandlar, ota bag‘rini bilmagan farzandlar, buvasiz o‘sgan nevaralar – bularning bari aytishga oson…
Ular orasida qator farzandlari frontdan qaytmagan oilalar ham ko‘p bo‘lgan. Mashhur Zokirovlar oilasi kabi besh farzandi frontga ketib, ulardan birontasi qaytmagan yana bir oila – Ibrohimovlardir. Ularning nomlari Toshkent shahridagi 64-maktab hududida joylashgan yodgorlikdan o‘rin olgan: Hakim, Rahim, Haydar, Habib, Anvar.
Oila haqida 1995 yili chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi xotira majmua-kitobining 294–295 betlarida “
Братья Ибрагимовы (Aka-uka Ibrohimovlar)” maqolasini o‘qir ekansiz, ularning o‘z uyiga yo‘llagan xatlarida jangchining G‘alabaga ishonchini his etasiz. Shu bilan birga “men hali tirikman va sog‘man” degan so‘zlar yaqinlarini xotirjam qilish uchungina aytilgandir. Ammo, uning ortida insonni ayovsiz janglardan keyin hayot ekanligiga shukronaligi, urushni yakunlab Vatanga qaytish umidi ifodalangan edi. Biroq, ular qaytishmadi…
Muallifi ko‘rsatilmagan bu maqola e’lon qilinganligiga ham 25 yil bo‘ldi. Aka-uka Ibrohimovlarning yaqinlarini izlash bo‘yicha olib borilgan ishlar hozircha natija bermadi. Shu sababdan mazkur masala bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz aka-uka Ibrohimovlar haqida ma’lumotlarni to‘ldirish, suratlar va boshqa materiallar bilan tanishish hamda bu haqda alohida izlanish ishlarini olib borish maqsadida ularni bilgan, tanigan vatandoshlarimizdan ushbu xayrli ishga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘raydi.
Umumiy ma’lumotlar: Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi ma’lumotlari asosida 2 farzand Samarqandda tug‘ilganligi, otalarining ismi – Husayn, onalari – Gulbonu (Gulbanu, Guliya) Galiyevna ekanligi, onalarining yashash manzili – hozirgi Mirzo Ulug‘bek tumani Oloy (o‘sha vaqtda Kuybishev rayoni, Pochtovaya) ko‘chasi, 25 uy ekanligi aniqlandi. Urushdan keyingi yillarda bu ko‘chada ko‘p qavatli binolar qurilgan hamda bu raqam bilan uy mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Farzandlar haqida ma’lumotlar: Ibragimov Anvar – 1938 yili armiyaga chaqirilgan, u chegara qo‘shinlarida xizmat qilgan, urush yillari ofitserlik kurslarini tamomlagan. 1946 yili katta leytenant A.Ibragimov chegarani qo‘riqlayotganda halok bo‘lgan. Anvar Ibragimovga oid qo‘shimcha ma’lumot aniqlanmaganligi uchun otaning ismi qayd etilmadi. Sababi, farzandlarning birida otasiga oid ma’lumot Xuseinovich, boshqalarida Xusainovich tarzida berilgan.
Ibragimov Raxim Xusainovich – 1909 yili tug‘ilgan, 1941 yilgacha u texnikumni bitirib, Moskva mo‘ynachilik fabrikasining Buxoro qorako‘lchilik zavodida direktor bo‘lib ishlagan. Unga “Hurmat belgisi” ordeni berilgan. Uylangan va Termizdan ko‘ngilli bo‘lib frontga ketgan. U Qizil Bayroqli 95-gvardiyachi o‘qchi diviziyasi, 290-gvardiyachi o‘qchi polki, 3-o‘qchi rota qo‘mondoni, gvardiyachi leytenant bo‘lgan. 2-Ukraina frontida jang qilgan R.Ibragimovning oxirgi xatida 1944 yilning 7 aprel sanasi qo‘yilgan. U 1944 yil 4 mayda halok bo‘lgan. (ЦАМО РФ, Ф. 33, Оп. 690155, Д. 281, Л. 11; Ф. 33, Оп. 11458, Д. 249, Л. 18)
Ibragimov Xakim Xusainovich – 1912 yili tug‘ilgan, 1935 yili armiyaga chaqirilgan, undan oila oxirgi xatni 1941 yilning avgustida olgan. Hujjatda yozuv bilan 1944 yilning aprel oyida bedarak yo‘qolganligi qayd etilgan. (ЦАМО РФ, Ф. 58, Оп. 977520, Д. 259, Л. 4)
Ibragimov Xabib Xusainovich – 1915 yili tug‘ilgan, 1939 yili armiyaga chaqirilgan, Fin urushi qatnashchisi, Belorussiyada jang qilgan. 1941 yil sentyabrida bedarak yo‘qolganligi sababli uning nomiga qoraxat olingan. (ЦАМО РФ, Ф. 58, Оп. 18004, Д. 630, Л. 10)
Ibragimov Xaydar Xuseinovich – 1921 yili tug‘ilgan, 1944 yilning yanvarida Ukrainani ozod qilishda halok bo‘lgan. Katta serjant, snayper X.Ibragimov Termizdan chaqirilgan. (ЦАМО РФ, Ф. 33, Оп. 686044, Д. 3165, Л.2)
Murojaat uchun telefon: 71-233-37-01,
haftaning dushanba-juma kunlari soat 09.00 dan 18.00 gacha.
Elektron pochta manzili: tmarkaz@academy.uz, engyangitarix@mail.ru


×