Sayt sinov rejimida ishlamoqda

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

“O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” kitob-albomi chop etildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob-albom chop etildi.

Kitob-albom O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaga qo‘shgan hissasini yoritishga bag‘ishlangan. U Adliya vazirligi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi, Oybek uy muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda urush qatnashchilari oilalarida saqlanayotgan noyob tarixiy materiallar asosida tayyorlangan.

Shuningdek, kitobga Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi va Gdanskdagi Ikkinchi jahon urushi muzeyida saqlanayotgan hujjatlar ham kiritilgan.

Kitob-albom taqdimoti “Shon-sharaf” davlat muzeyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kitob mualliflari, mutasaddi tashkilotlar vakillari, harbiylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, asar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali bayram dasturida ham namoyish etildi.

Mazkur kitob-albom O‘zbekiston xalqining urush yillaridagi jasorati va fidokorligini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, tarixiy xotirani mustahkamlash hamda ajdodlar merosini abadiylashtirishga xizmat qiladi.


×