Sayt sinov rejimida ishlamoqda

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasida "O‘ZBEKISTON IKKINCHI JAHON URUSHI DAVRIDA" nomli kitob-albom taqdimoti bo`lib o`tdi

Yangi O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushida jasorat va matonat, mehr va olijanoblik bilan insoniylikning yuksak namunasini ko‘rsatgan xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davrida buyuk G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi bilan bog‘liq muqaddas xotirani saqlab qolish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shonli G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan «O‘zbekiston» nashriyotida «O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida» nomli kitob-albom tayyorlanib, “Kolor-pak” bosmaxonasida o‘zbek va rus tillarida 3 ming nusxada chop etildi.
Kitob 2020 yili nashr qilingan «O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi» nomli kitob-albomning mantiqiy davomi bo‘lib, unda yangi bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi haqida, shonli sana munosabati bilan chop etilgan kitoblar, tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma’lumotlar o‘rin olgan.
Unda Zulfiya aya Zokirova, Mamadali Topivoldiyev, Ahmadjon Mamajonov, Karimjon Isoqov avlodlarining dil so‘zlari ham berilgan bo‘lib, ularda xalq jasoratiga ko‘rsatilayotgan ehtirom uchun minnatdorlik bildirilgan.
Yurtdoshlarimizning jang maydonlaridagi har bir jasorati buyuk G‘alabani ta’minlashga muhim hissa bo‘lgan. Bu jihatdan kitob-albomning “Mangu jasorat namunalari” bo‘limiga Botir Boboyev, Shodi Shoimov, Samig‘ Abdullayev, Fayzulla Norxo‘jayev, Eson Jovbo‘riyev, Sirojiddin Valiyev, Teshaboy Odilov, Sharif Shirinboyev, Kamoljon Turg‘unov, Luqmon O‘roqov, Burhon Tursunov, Noil Abubakirov, Tursunxo‘ja G‘ulomov, Tuhfatxon Nusratov, Rixsixon Mo‘minova va boshqa vatandoshlarimizning qahramonliklariga bag‘ishlangan alohida maqolalar kiritildi. Shuningdek, O‘zbekistonga taqdim etilgan Rossiya mudofaa vazirligi Markaziy arxivida saqlanayotgan general-mayor Sobir Rahimovning shaxsiy yig‘ma jildidagi hujjatlar, O‘rta Osiyo Harbiy okrugiga taalluqli materiallar “Yangi arxiv hujjatlari” bo‘limidan o‘rin oldi. Shuningdek, “Front gazetalari”, “Askar xatlari” bo‘limlarida gazeta materiallari, maktublardan namunalarda jang maydonlaridagi qahramonliklar, odamlarning og‘ir damlarda bir-biriga bo‘lgan samimiyati o‘z ifodasini topgan.
Front ortidagi fidokorona mehnat va evakuatsiya “Mehr-saxovat va chin insoniylik namunasi” bo‘limida arxiv hujjatlari orqali yoritib berildi. Urush yillarida joriy etilgan kartochka tizimi, 1944 yildagi tabiiy ofat oqibatida don ekinlarining zarar ko‘rganligi bo‘yicha hujjatlar esa urush yillaridagi qiyinchiliklarni ifoda etadi.
“Unutmas Sizlarni Vatan” bo‘limida bedarak yo‘qolgan vatandoshlarimizni qidirish, quloq qilingan o‘zbekistonliklarning urush yillaridagi ishtiroki hamda Belarusdan “Shon-sharaf” davlat muzeyiga leytenant Shavkat Qoriyevning Qizil bayroq ordeni taqdim etilishi bo‘yicha maqolalar o‘rin olgan.
Mazkur kitob-albom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori asosida Fanlar akademiyasining O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi ilmiy xodimlari tomonidan bir qator vazirlik va idoralar, olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Xalqimizning yaqin o‘tmishidagi shonli tarixi, bashariyatni fashizm balosidan xalos etishga qo‘shgan ulkan hissasi, yengilmas irodasi va matonatidan hikoya qiluvchi ushbu nashr yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas ekanini namoyon etish bilan birga, har birimizni bugungi tinch va osuda hayotni qadrlab yashashga da’vat etadi.


×