Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941–1945 yillarda Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, buyuk g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston xalqining urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonliklari, front ortida kechgan og‘ir va mashaqqatli hayoti biz uchun katta hayot maktabi, g‘urur va iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgan sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Buyuk g‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizning urush yillaridagi ulkan jasorati va matonatini aniq tarixiy hujjatlar asosida yosh avlodga yetkazish, urush va mehnat frontida zahmat chekkan insonlarning aziz nomlarini abadiylashtirish maqsadida «O‘zbekiston» nashriyotida «O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi» nomli kitob-albom tayyorlanib, “Kolor-pak” bosmaxonasida o‘zbek, rus va ingliz tillarida 20 ming nusxada chop etildi.
Mazkur kitob-albom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi asosida Fanlar akademiyasining O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi ilmiy xodimlari tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Ushbu nashrda yurtimiz va chet ellardagi arxiv va muzeylarda, urush qatnashchilari va ularning oilalarida saqlanayotgan, hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan noyob tarixiy fakt va ma’lumotlar, suratlar, xatlar, xotiralar jamlangan.
Kitobda o‘zbekistonlik askarlarning qonli janglarda ko‘rsatgan jasoratlari, Brest qal’asi, Moskva ostonasi, Stalingrad, Kursk, Leningradni ozod qilish hamda Berlin uchun bo‘lgan janglardagi qahramonliklari tarixiy faktlar asosida yoritilgan.
O‘zbekistonlik qahramon askar va ofitserlar haqidagi yangi ma’lumotlar, jumladan, 24 yoshida Sovet Ittifoqi Qahramoni bo‘lgan Qo‘chqor Turdiyev, general Sobir Rahimov, Sharof Rashidov, Zebo G‘aniyeva, Mamadali Topivoldiyev, Ahmadjon Shukurov va boshqa ko‘plab vatandoshlarimizning jasoratlari haqidagi tarixiy lavhalar kitob mazmunini yanada boyitgan.
Urushda besh farzandidan judo bo‘lgan Zulfiya aya Zokirovaning matonati timsolida yuz minglab onalarimizning metin irodasi, ulkan sabr-bardoshi o‘z ifodasini topgan.
O‘sha olovli yillarda O‘zbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz «Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – g‘alaba uchun!» deb yashab, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz og‘ir mehnat qilgani aniq misollar orqali yoritib berilgan.
Fashizmga qarshi kurashda yurtimiz ziyolilari, ilm-fan, adabiyot va san’at vakillarining qo‘shgan munosib hissasi ham kitob-albomda atroflicha aks ettirilgan.
Ushbu nashrda shuningdek, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan minglab insonlarga boshpana bergan, ota-onasidan judo bo‘lgan bolalarni «Sen yetim emassan!» deb o‘z bag‘riga olgan o‘zbek xalqining yuksak insonparvarlik fazilatlari haqida so‘z boradi.
O‘zbekistonda evakuatsiyada bo‘lgan shaxslarning xotiralari, frontda qatnashgan va uning ortida mehnat qilgan vatandoshlarimiz qalb iztiroblari aks etgan sahifalar ham kitob-albomdan o‘rin olgan.
***
Qutlug‘ bayram arafasida “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan yana bir yangi nashr – “O‘zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qahramonlari” nomli kitob o‘zbek tilida keng o‘quvchilar ommasiga taqdim etildi.
Yangi aniqlangan tarixiy ma’lumotlar asosida tayyorlangan ushbu kitobda Ikkinchi jahon urushida chinakam jasorat namunalarini ko‘rsatib, Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan o‘zbekistonlik askar va ofitserlar, generallar, shuningdek, o‘zining mardligi bilan uchala darajadagi Slava ordeni bilan taqdirlangan vatandoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar xronologik tarzda keltiriladi.
Kitobdan nomlari joy olgan insonlarning barchasi millati, tili va dinidan qat’i nazar, jonajon Vatanimiz himoyasi, uning farovonligi va obodligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, hayoti va faoliyati O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan qahramonlardir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosiga qarshi kurashda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi tomonidan amalga oshirilgan buyuk tarixiy ishlarni kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash g‘oya muhim ahamiyatga ega”.
Xalqimizning yaqin o‘tmishidagi shonli tarixi, bashariyatni fashizm balosidan xalos etishga qo‘shgan ulkan hissasi, yengilmas irodasi va matonatidan hikoya qiluvchi ushbu nashrlar yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas ekanini namoyon etish bilan birga, har birimizni urush dahshatlarini unutmaslikka, bugungi tinch va osuda hayotni qadrlab yashashga da’vat etadi.
Manba: http://uza.uz/oz/society/khal-imiz-zhasorati-va-matonati-bar-ayetdir-07-05-2020?fbclid=IwAR23x-tPccBIQ8VFatYvhmDTarE-JAV4-KJHU-Q1MCFZx7nfsJ1eSttGf3o